02 oktabr 2026

O‘zbekistonning investitsiyaviy imkoniyatlari Niderlandiyaning Limburg provinsiyasi ishbilarmon doiralariga taqdim etiladi

O‘zbekistonning Niderlandiyadagi elchisi G‘ayrat Fozilov Niderlandiyaning Limburg provinsiyasiga tashrif buyurib, hudud rahbariyati hamda “LIOF” hududiy rivojlanish agentligi rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muzokaralar davomida Limburg qirollik komissari (gubernatori) Emil Ryomer bilan kimyo sanoati, yuqori texnologiyalar, qishloq xo‘jaligi, transport va logistika, ta’lim hamda raqamlashtirish sohalaridagi hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston tomoni 2017-yildan buyon mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar, iqtisodiy o‘sish, investitsiya muhitining yaxshilanayotgani hamda xorijiy kompaniyalar faoliyati uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar haqida ma’lumot taqdim etdi.

Shuningdek, “Chemelot” kimyo-innovatsion klasteri rezidentlari va “O‘zkimyosanoat” o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Unda texnologik kooperatsiya, ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish va qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalariga e’tibor qaratildi.

“LIOF” agentligi rahbariyati bilan uchrashuvda kimyo sanoati, farmatsevtika va agrotexnologiyalar ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilandi.

Agentlik Limburg kompaniyalari va bozorga kirish hamda qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishdan manfaatdor O‘zbekistonlik hamkorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatishga ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.

Tomonlar O‘zbekistonning investitsiyaviy imkoniyatlari taqdimotini Limburg ishbilarmon doiralari uchun tashkil etish, manfaatdor kompaniyalar guruhini shakllantirish hamda ularning O‘zbekistonga biznes-missiyasini tashkil etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha kelishib oldilar.

Tashrif davomida, shuningdek, O‘rta yo‘lak doirasidagi hamkorlik, transport-logistika kompaniyalari o‘rtasida aloqalarni o‘rnatish hamda Maastrixt universiteti va O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.