O‘zbekiston Bosh konsulxonasi diplomatlari Rossiyaning Rostov viloyati ishbilarmon doiralari vakillari bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbir Rostov viloyati Savdo-sanoat palatasi ko‘magida tashkil etildi. Unda o‘zbekistonlik hamkorlar bilan hamkorlikni rivojlantirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdor bo‘lgan hudud ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida ishtirokchilarga respublikaning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, investitsiya muhiti, investorlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning amaldagi chora-tadbirlari, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish imkoniyatlari, mamlakatning eksport salohiyati, shuningdek, erkin iqtisodiy va maxsus savdo zonalarida faoliyat yuritishning afzalliklari haqida ma’lumot berildi.
Ishtirokchilar, shuningdek, O‘zbekiston–Rossiya savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorligining bugungi holati, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish istiqbollari, korxonalar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatish va hududlararo ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish imkoniyatlari haqida xabardor qilindi.
Rossiya kompaniyalarining O‘zbekistonda muntazam ravishda o‘tkaziladigan xalqaro ko‘rgazmalar, forumlar va boshqa biznes tadbirlarida ishtirok etish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi. Bunday platformalar salohiyatli hamkorlar bilan bevosita tanishish, bozorni o‘rganish va hamkorlikning muayyan yo‘nalishlarini muhokama qilish imkonini berishi qayd etildi.
Ochiq muloqot doirasida tadbirkorlar mamlakatimizda biznes yuritish shartlari, soliqqa tortish, korxonalarni ro‘yxatdan o‘tkazish, mahsulotlarni sertifikatlash, logistika, hamkorlarni izlash, investitsiya loyihalarida ishtirok etish va O‘zbekiston bozoriga chiqish bilan bog‘liq o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.
O‘zbekistonning qulay geografik joylashuvi, Markaziy Osiyo mamlakatlari va qo‘shni davlatlar bozorlariga chiqish imkoniyatlari, transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirish, shuningdek, eksport faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va investitsiya loyihalarini amalga oshirishning mavjud mexanizmlariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va Rostov viloyati ishbilarmon doiralari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha amaliy ishlarni davom ettirish to‘g‘risida kelishuvga erishildi. Xususan, 2027-yilning birinchi choragida mazkur hudud tadbirkorlik hamjamiyati vakillarining respublikamizga biznes-missiyasini tashkil etish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishildi.