[widget id="qtranslate-2"]
03 aprel 2023

Surxondaryo viloyatining investitsiyaviy va turizm salohiyati Yaponiyada namoyish etildi

Tokioda Surxondaryo viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Anvar Oripov boshchiligidagi delegatsiyaning Yaponiyaga tashrifi doirasida “Surxondaryo viloyatining investitsiyaviy, savdo va turizm salohiyati” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

Tadbirda Yaponiyaning yetakchi investitsiyaviy, savdo va sayyohlik kompaniyalarining 20 ga yaqin rahbarlari va vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, mamlakatimizda keyingi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, jumladan, xorijiy sarmoya va xorijiy sayyohlarni jalb etish uchun yaratilgan shart-sharoitlar, mavjud imtiyozlar va investisiya takliflari, ushbu hududga import qilinadigan mahsulotlar turlari namoyish etildi.

Uchrashuvda Yaponiya kompaniyalariga ushbu mahsulotlarni erkin iqtisodiy zonalarda mahalliylashtirish bo‘yicha o‘zaro manfaatli loyihalarni birgalikda amalga oshirish taklif etildi.

Yaponiya tomoniga Termiz xalqaro savdo markazini tashkil etishdan ko‘zlangan maqsadlar, yaratilgan shart-sharoit va preferensiyalar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Tadbirda Surxondaryo viloyatida yetakchi tarmoqlardan biri bo‘lgan turizm sohasiga alohida e’tibor qaratildi. Mazkur tadbirda ishtirok etgan Yaponiyaning yetakchi sayyohlik kompaniyalari vakillariga hududning boy turizm salohiyati, madaniyati, tarixiy obidalari, buddizm monastirlari, o‘zbek oshxonasining milliy taomlari haqida ma’lumot berildi.

Xususan, Yaponiya tomoni bilan buddaviy ziyorat turizmi sohasida hamkorlikni faollashtirish maqsadida joriy yil davomida sayyohlik kompaniyalari vakillarining Surxondaryo viloyatiga tashrifi bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Shundan so‘ng Yaponiya kompaniyalari vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, Surxondaryo viloyatida energiya (quyosh batareyalari), qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati, to‘qimachilik, tibbiy asbob-uskunalar ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.

Seminar yakuniga ko‘ra, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qilish uchun Yaponiyaning bir qator kompaniyalari Surxondaryo viloyatiga tashrif buyurishni rejalashtirgan.