11 Iyul 2023

Xitoyning Shandun provinsiyasida O‘zbekistonning investitsiyaviy va sayyohlik salohiyati namoyish etildi

Xitoyning Shandun provinsiyasida mamlakatimizning XXRdagi elchixonasi hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi vakolatxonasi hamkorligida “O‘zbekiston hududlari va Shandun provinsiyasi o‘rtasida sarmoya, sanoat, savdo va turizm sohasidagi hamkorlik istiqbollari” mavzusida forum o‘tkazildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA muxbiri.

Forumda viloyatdagi yirik kompaniyalar vakillari, turoperatorlar, salohiyatli investorlar va Xitoy ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdi.

Tadbir ishtirokchilariga O‘zbekistonda investorlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar, tadbirkorlik faoliyatini yanada yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida atroflicha ma’lumot berildi.

Shuningdek, jozibador sayyohlik imkoniyatlari, qadimiy shaharlarning go’zalliklari, O’zbekistonning noyob diqqatga sazovor joylari haqida taqdimot va videoroliklar namoyish etildi.

Forum doirasida viloyatdagi bir qator yirik kompaniyalar rahbarlari va vakillari bilan uchrashuv va muzokaralar o‘tkazildi. Xitoy kompaniyalari rahbarlari O‘zbekistonda investorlar uchun qulay sharoitlar yaratilganini ta’kidlab, O‘zbekistonda investitsiya loyihalarini amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Shandun 2022-yilda yalpi ichki mahsuloti 1,3 trillion dollarni tashkil etgan Xitoyning iqtisodiy rivojlangan uchinchi viloyatidir. O‘tgan yili viloyat iqtisodiyoti va aholi soni bo‘yicha 15-o‘rinni egallagan.