24 avgust 2023

O’zbekistonning investitsiya salohiyati Hindistonda taqdim etildi

O’zbekiston elchisi Dilshod Axatov Hindistonning ming yillik savdo, sanoat va qishloq xo’jaligi palatasi tomonidan «Markaziy Osiyo mamlakatlarida biznes yuritish imkoniyatlarini o’rganish» mavzusida tashkil etilgan biznes-seminarda ishtirok etdi, deb xabar beradi «Dunyo» AA muxbiri.

Tadbir davomida Hindiston TIV Yevroosiyo mamlakatlari bilan hamkorlik departamenti boshlig’i Charanjit Singx so’nggi yillarda Markaziy Osiyoda ro’y berayotgan o’zgarishlar jarayonini yuqori baholadi va mintaqa mamlakatlari o’rtasidagi hamkorlik yangi yuksak marralarni zabt etayotganini, o’zaro ishonch ruhidagi munosabatlar izchil rivojlanib borayotganini ta’kidladi. U Hindiston ishbilarmon doiralarini Markaziy Osiyo sheriklari bilan faol aloqada bo’lishga chaqirdi.

Elchi Dilshod Axatov mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko’lamli islohotlar, xorijiy tadbirkorlarning investitsiyaviy faoliyati uchun qulay shart-sharoitlar, ushbu jarayonda taqdim etilayotgan imtiyozlar va preferensiyalar, eksport va turizm salohiyati, Hindiston kompaniyalarining respublikadagi muvaffaqiyatli tajribasi haqida batafsil ma’lumot berdi.

Hindiston kompaniyalari qo’shma loyihalarni amalga oshirish, farmatsevtika, to’qimachilik, ipak, charm-poyabzal sanoati, qurilish materiallari sanoati, axborot texnologiyalari, sog’liqni saqlash, ta’lim, turizm sohalarida ilg’or texnologiyalar, innovatsiyalar, bilim va tajribalarni joriy etish uchun keng imkoniyatlarga ega ekanligiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Hindistonning Toshkentdagi sobiq elchisi Skand Tayyal mamlakatimiz hayotining barcha sohalarida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar jarayonining ahamiyati haqida so’zlab berdi. Uning ta’kidlashicha, xalqaro hamjamiyatda «yangi O’zbekiston» tushunchasi shakllandi, respublika butunlay yangi ko’rinishga ega bo’ldi, bu o’zgarishlarni kundalik hayotda mamlakatning yirik shaharlaridan mintaqalardagi kichik aholi punktlarigacha kuzatish mumkin.

Diplomat O’zbekistonda biznes yuritish va bu borada xalqaro hamkorlik qilish uchun qulay shart-sharoitlarni qayd etdi. Mamlakatda hind tadbirkorlari ishtirokidagi qo’shma korxonalar sonining ko’payishi o’zaro manfaatli savdo-iqtisodiy munosabatlarning izchil rivojlanishiga xizmat qilmoqda.

Biznes-seminar doirasida Hindiston kompaniyalari vakillari bilan O’zbekistonda biznes loyihalarni amalga oshirish, investitsiyalarni jalb qilish va mamlakatimiz mahsulotlarini eksport qilish hajmini oshirish bo’yicha muzokaralar bo’lib o’tdi.