21 Dekabr 2023

“Karavan SK” Oxangaronda tayyor charm ishlab chiqarish korxonasini quradi

“O‘zcharmsanoat” uyushmasi raisi Faxriddin Boboyev Rossiyaning “Karavan SK” kompaniyasi rahbari bilan muloqot o‘tkazdi, deb xabar beradi uyushma matbuot xizmati. Uchrashuvning asosiy mavzusi mamlakatimizda xom ashyoni chuqur qayta ishlash orqali tayyor charm ishlab chiqarishga qaratilgan investitsiya loyihasini amalga oshirish bo‘ldi.

Muzokaralar chog‘ida yangi investitsiya loyihasini amalga oshirishning tashkiliy va amaliy jihatlari atroflicha muhokama qilib olindi. Xorijik investor mazkur investitsiya loyihasini Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida tashkil etilayotgan charm-poyabzal va mo’yna mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan kichik sanoat zonasida amalga oshirish istagini bildirib o‘tdi. Loyihani amalga oshirish uchun investor 4,5 mln.dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritadi.

Rossiya kompaniyasiga Davlatimiz rahbari tomonidan joriy yilning 11-oktyabr sanasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Charm-poyabzal va mo‘ynachilik sohalarida islohotlarni yanada jadallashtirish va sohaning eksport salohiyatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori bilan mamlakatimiz charmsanoati tarmog‘ida faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalarga ajralitgan qator imtiyozlar haqida ma’lumot taqdim etildi.

Oxangaronda tashkil etilgan KSZdagi yer maydonlari onlayn savdoga qo‘yilishi bilan tanlovda ishtirok etish bo‘yicha tashkiliy masalalar yuzasidan xorijiy kompaniyaga tushuntirish va axborot berildi.

Xorijiy investorga yer maydonini ajratish bo‘yicha tegishli tartibda ishlarni amalga oshirish bo‘yicha Uyushma tomonidan amaliy harakatlar boshlandi.