[widget id="qtranslate-2"]
30 noyabr 2023

Xitoy kompaniyasi Farg‘onadagi qurilish materiallari sexiga 15 million dollar investitsiya kiritadi

Xitoy kompaniyasi Farg‘onada ko‘p tarmoqli ishlab chiqarish loyihasini amalga oshiradi, deb xabar beradi Spot, viloyat hokimligi matbuot xizmatiga tayanib.

Bu bo‘yicha viloyat hokimi Xayrullo Bozorov “Mycars (Shandong) International Trading” kompaniyasi ta’sischilaridan iborat investorlar guruhini hamda kompaniyaning mahalliy hamkorlari bilan uchrashdi.

Loyiha viloyatning Quvasoy tumanida amalga oshirilib, buning uchun $15 mln yo‘naltiriladi. Yangi xorijiy korxona davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib, yaqin kunlarda loyihani boshlash rejalashtirilgan.

Dastlabki bosqichda avtoklavli gazobloklar va binolar fasadlari uchun bazalt izolyatsion plitalari ishlab chiqarish liniyalari ishga tushiriladi. Qisqa muddatda 100dan ortiq doimiy ish o‘rni yaratilishi ta’kidlangan.

Ikkinchi bosqichda esa yuk ko‘tarish kranlari yig‘ish, shuningdek, veterinariya dori vositalari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Loyihaning barcha liniyalari ishga tushishi natijasida 300dan ortiq ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.

Xitoyning “Chengdu Shiny Technology” hamda “Zhiyuanhui Information Technology” kompaniyalari Farg‘onada “aqlli shahar” texnologiyalarini joriy etishni rejalashtirmoqda. Loyiha o‘z ichiga aqlli transport, aqlli energetika tizimi, aqlli suv va gaz ta’minoti kabi yo‘nalishlarni qamrab olgan.

“Ruisu” kompaniyasi viloyatda elektromobillarni quvvatlash uskunalarini ishlab chiqaradi. “Luoyang Grasen Power Technology” kompaniyasining bu kabi qurilmalarni ishlab chiqarish loyihasiga $30 mln jalb qilinadi.