Xitoyning “Xinjiang Tian Jiao Hong an Agricultural” kompaniyasi Andijon viloyatida qalampirni qayta ishlashga 10 million dollar investitsiya kiritmoqchi. Bu haqida, viloyat hokimligi matbuot xizmatiga tayanib, Spot xabar beradi.
23-sentabr kuni Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov “Xinjiang Tian Jiao Hong an Agricultural Co Ltd” mas’uliyati cheklangan jamiyati vakili bilan viloyatda qalampirni qayta ishlash bo‘yicha 10 million dollarga baholangan investitsiya loyihasini amalga oshirish masalasini muhokama qildi.
Loyihaning ishga tushirilishi yiliga 30 million dollarlik mahsulot eksportini taʼminlashi kutilmoqda.
Buning uchun Xitoy kompaniyasiga mahalliy fermerlar bilan ikki ming gektar maydonda qalampir yetishtirish bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzish taklif qilindi. Xitoy tomoni taklif qilgan qalampirning sotib olish narxi kilogrammi uchun 1,1 dollarni tashkil etadi.
Viloyat hokimi Xitoy loyihasi bilan tanishgach, ikki tomonlama hamkorlik masalalarini hal etishning dastlabki bosqichi boshlandi.