Xitoy kompaniyasi Farg‘onada elektromobillarni quvvatlash uskunalarini ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda, deb xabar beradi Spot, viloyat hokimligi matbuot xizmatiga tayanib.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Xitoyning “Ruisu” kompaniyasi direktori Maykl Chen boshchiligidagi kompaniya vakillarini qabul qildi.
Uchrashuvda kompaniya tomonidan viloyatda elektromobillarni quvvatlash uskunalarini ishlab chiqarish bo‘yicha amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan investitsion loyiha muhokama qilindi.
Xitoy tomoni viloyatdagi o‘z korxonasini qurib bitkazishi ma’lum bir vaqt olishini, bu davrga qadar viloyatda bo‘sh turgan va faoliyat ko‘rsatmayotgan bino-inshootlardan belgilangan tartibda ijaraga joy ajratib berilsa, qisqa muddatda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga tayyor ekanliklarini ma’lum qildi.
Viloyat hokimi ushbu loyihani qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligini bildirib, Farg‘ona, Quvasoy va Qo‘qon shaharlarida mavjud bo‘sh turgan bino-inshootlar tanlov uchun taklif etilishini ma’lum qildi.
Kompaniya bosh direktorining viloyatga tashrifini tashkil etish hamda loyihani amalga oshirish bo‘yicha muzokaralarni yakuniy bosqichda davom ettirishga kelishib olindi.
“Ruisu” kompaniyasi vakillari tomonidan keltirilgan elektromobillarni quvvatlash uskunalari viloyat hokimiga namoyish etildi.