05 Aprel 2023

Xitoylik investorlar yangi zavod qurish uchun 5 million dollar ajratadi

UzCharmExpo-ShoesStar EurAsia-2023 14-xalqaro ko‘rgazmasi doirasida “O‘zcharmsanoat” uyushmasi rahbariyati va Xitoyning Futszyan provinsiyasida joylashgan terini qayta ishlash korxonasi vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqida UzDaily.uz xabar beradi.

Uchrashuv avvalida Xitoy kompaniyasi vakillariga O‘zbekistonda biznes yaratish va yuritishning amaliy jihatlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, mamlakatimizning sanoat salohiyati, xorijiy investorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar, bojxona va soliq imtiyozlari haqida taqdimot o‘tkazildi.

Xitoylik hamkorlar, o‘z navbatida, Andijon va Namangan viloyatlaridagi ishlab chiqarish jarayonlari, salohiyatini atroflicha o‘rganganini ta’kidladi. O‘zbekistonda so‘nggi yillarda yaratilgan ishbilarmonlik muhiti qulayligini ta’kidlagan investorlar mamlakatimizda 100 foiz Xitoy kapitali ishtirokida yangi korxona ochish tashabbusi bilan chiqdi. Zavodda terini qayta ishlashning to‘liq sikli joriy etiladi. Loyihaning qiymati 5 million dollarga baholanmoqda.

Yig‘ilishda ayni paytda Xitoy charm sanoatining rivojlanishi sekinlashgani ham qayd etildi. O‘zbekistonda uning barqaror o‘sish sur’atlari kuzatilayotgani butun dunyo sarmoyadorlari e’tiborini o‘ziga qaratib, bunday yuqori texnologiyali zamonaviy ishlab chiqarishlarni yaratishga zamin yaratmoqda.

Uchrashuvda mazkur investitsiya loyihasini batafsil o‘rganish va keyinchalik amalga oshirish bilan bog‘liq barcha tashkiliy masalalar yuzasidan fikr almashildi.