Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayev va “Oriental University” rektori Murodjon Ahmedov Quvaytning Kuwait Investment Co kompaniyasi rahbari Yusuf al-Ali bilan uchrashdi, deb xabar beradi “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.
Quvayt kompaniyasi rahbari 2-3-may kunlari boʻlib oʻtgan III Xalqaro investitsiya forumidagi ishtiroki doirasida Toshkentda boʻldi.
Uchrashuvda Quvayt tomoniga O‘zbekistonning zamonaviy taraqqiyoti, iqtisodiyot va tashqi savdoni liberallashtirish jarayonlari, yaratilgan sarmoyaviy va ishbilarmonlik muhiti haqida ma’lumot berildi.
Toshkent viloyati hokimligida viloyatning og‘ir va yengil sanoat, qurilish, qishloq xo‘jaligi va mashinasozlik sohalaridagi salohiyati namoyish etildi.
“Kuwait Investment Co.” rahbari Yusuf al-Ali qurilish industriyasini rivojlantirishga katta qiziqish bildirdi va hamkorlik qilish va qo‘shma sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.
Tomonlar kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlarini ishlab chiqish uchun ishchi guruh tuzishga kelishib oldilar. Shuningdek, Quvayt tomoni Toshkent viloyati hokimi boshchiligidagi o‘zbekistonlik ishbilarmonlar delegatsiyasini Quvaytga tashrif buyurishga taklif qildi.
“Oriental University” rahbariyati bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralarda ta’limni rivojlantirish masalalari, o‘zaro manfaatli hamkorlik yo‘nalishlari va istiqbolli investitsiyaviy loyihalar yuzasidan fikr almashildi.
Bir qator aniq yo‘nalishlar bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar 13-14-may kunlari Quvayt shahrida bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston-Quvayt biznes-forumi doirasidagi muzokaralarni davom ettirishga kelishib oldilar.