24 May 2024

Quvayt kompaniyasi Sergeli tumanida zamonaviy intensiv bog‘dorchilik loyihasini amalga oshiradi

Toshkent shahrining Sergeli tumani hokimi Elbek Shukurov boshchiligidagi delegatsiya Quvaytga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

Safar davomida O‘zbekistonning investitsiyaviy, eksport va sayyohlik salohiyatiga bag‘ishlangan ko‘rgazmada ishtirok etgan 20 dan ortiq Quvayt kompaniyasi vakillari bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.

Xususan, ‘‘Gulf General Trading Co. Ltd.’’ rahbari Iyad Solih bilan va “Marafie Group” xolding korporatsiyasi direktorlar kengashi raisi Abdufattoh Marafiy Toshkent shahrining Sergeli tumanida investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha muzokaralar olib borildi. 

Muzokaralar natijasida ‘‘Gulf General Trading Co. Ltd.’’ bilan Sergeli tumanida joylashgan oilaviy poliklinikalarda zamonaviy texnologik laboratoriya yaratish loyihasi haqida shartnoma imzolandi. 

“Marafie Group” xolding korporatsiyasi bilan Sergeli tumanida zamonaviy intensiv bog‘dorchilik loyihasini amalga oshirish va Quvaytga meva yetkazib berish bo‘yicha memorandum imzolandi.