25 iyun 2026

Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Qatar hukumati a’zolari va idoralari rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazdi

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Qatarning Doha shahriga amaliy tashrifi doirasida mamlakat hukumati a’zolari va idoralari rahbarlari – Qatar Davlat savdo va sanoat vaziri Ahmad bin Muhammad as-Sayyid hamda Munitsipalitet vaziri Abdulla bin Hamad bin Abdulla al-Attiya bilan muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda ISSV matbuot xizmati.

Shuningdek, mamlakatning yetakchi investitsiya va sanoat idoralari rahbarlari: shayx Muhammad bin Hamad bin Faysal Ol Soni (Erkin iqtisodiy zonalar agentligi), Fahad as-Sulayti (Qatar taraqqiyot jamg‘armasi), Muhammad Sayf as-Suvaydiy (Investitsiya agentligi), Abdurahmon bin Hisham as-Suvaydiy (Taraqqiyot banki) hamda Abdurahmon bin Muhammad bin Jabor Ol Soni (Qatar sanoat ishlab chiqarish kompaniyasi) bilan ham samarali uchrashuvlar bo’lib o’tdi.

Qatarning yirik kompaniyalari bilan olib borilgan muzokaralar natijasida transport infratuzilmasi, ta’lim, logistika, kimyo sanoati, energetika, qishloq xo’jaligi va turizm sohalarida yangi loyihalarni amalga oshirish bo’yicha kelishuvlarga erishildi. Ushbu tashabbuslarni o’z vaqtida hayotga tatbiq etish va aniq «yo’l xaritalari»ni ishlab chiqish uchun mas’ul rahbarlar biriktirildi.