30 oktabr 2024

Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Mo‘g‘uliston Davlat Buyuk Xurali deputati, “Mo‘g‘uliston-O‘zbekiston” parlamentlararo guruhi raisi bilan muzokaralar o‘tkazdi

Joriy yilning 28-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Mo‘g‘uliston Davlat Buyuk Xurali deputati, “Mo‘g‘uliston-O‘zbekiston” parlamentlararo guruhi raisi, O‘zbekistondagi parlament saylovlarida Mo‘g‘ulistondan kuzatuvchilar missiyasiga rahbarlik qilayotgan Suxbaatar Erdenebat bilan muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda ISSV matbuot xizmati xabar bermoqda.

Uchrashuvda Mo‘g‘uliston – O‘zbekiston parlamentlararo guruhi mas’ul xodimlari, Mo‘g‘ulistonning O‘zbekiston Respublikasidagi elchisi Daadanxuu Batbaatara va Mo‘g‘uliston Bosh saylov komissiyasi raisi Purveegiin Delgernaran ham ishtirok etdi.

Suhbat chog‘ida tomonlar oliy darajada erishilgan kelishuvlarni bosqichma-bosqich va o‘z vaqtida amalga oshirish, qishloq xo‘jaligi va tog‘-kon sanoati sohasida hamkorlikni yanada kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qildilar.

Ikki tomonlama hamkorlikning huquqiy asoslarini mustahkamlash maqsadida dekabr oyida Oʻzbekiston-Moʻgʻuliston hukumatlararo komissiyasining birinchi yigʻilishini oʻtkazishga tayyorlik bildirildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi va Mo‘g‘uliston o‘rtasida imtiyozli savdo masalalari, investitsiyalarni oʻzaro himoya qilish toʻgʻrisidagi bitim va ikki davlat oʻrtasida sanoat kooperatsiyasi dasturi muhokama qilinishi rejalashtirilgan.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar o‘zaro hamkorlikni chuqurlashtirish va muhokama qilingan yo‘nalishlarni amalga oshirishni jadallashtirishga tayyorligini bildirdilar.