23 aprel 2026

Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Pokistonning “HRL Group” kompaniyasi ijrochi direktori bilan uchrashdi

Joriy yilning 22-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Pokistonning “HRL Group” kompaniyasi ijrochi direktori Obid Chima bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda vazirlik matbuot xizmati.

Muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish, shuningdek, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida istiqbolli loyihalarni ilgari surish masalalari muhokama qilindi.

Xususan, zamonaviy shaharsozlik yechimlari, yirik infratuzilma va qurilish loyihalarini amalga oshirish, raqamli texnologiyalarni joriy etish, turizm infratuzilmasini rivojlantirish hamda foydali qazilma konlarini o‘zlashtirish sohalarida amaliy hamkorlikni jadallashtirish bo‘yicha o‘zaro fikr almashildi.

Uchrashuv yakunida loyihalarni birgalikda ishlab chiqish va o‘zaro manfaatli sheriklikni kengaytirish maqsadida vazirlik va idoralar darajasida muloqotni davom ettirishga kelishib olindi.

“HRL Group” – Pokistonning yetakchi muhandislik-qurilish guruhi bo‘lib, u “aqlli shahar”, uy-joy qurilishi, infratuzilma, yo‘l va magistrallar, IT-infratuzilma, ma’lumotlar markazlari hamda sanoat sektori loyihalariga ixtisoslashgan. Kompaniya Pokistonda keng ko‘lamli urbanistik tashabbuslarni va “Smart City” loyihasini muvaffaqiyatli amalga oshirgan.