Joriy yilning 9-sentabr kuni Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Rossiya delegatsiyasining O‘zbekiston Respublikasiga tashrifi doirasida Toshkentda bo‘lib turgan Rossiya Federatsiyasi Iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikov bilan muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar beradi vazirlik matbuot xizmati.
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti binosida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda tomonlar o‘zaro savdo-iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirish sur’atlarini jadallashtirish, sarmoyaviy va hududlararo hamkorlik ko‘lamini kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Taʼkidlanishicha, birinchi yarim yillikda Rossiya bilan tovar ayirboshlash hajmi oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 29 foizga oshgan, asosan eksport hisobiga. O‘zbekistonda Rossiya kapitali ishtirokidagi 3 mingdan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda. 2023-yil oxirida avtomobil va temir yo‘l transportida yuk tashish o‘rtacha 35 foizga oshdi, havo qatnovlarida ham sezilarli o’sish kuzatilmoqda.
Oliy va yuqori darajadagi tashriflar chog‘ida erishilgan investitsiya bitimlari va loyihalarini bajarilishini nazarda tutgan holda amaldagi kelishuvlarning ijrosi ko‘rib chiqildi.
Toshkentda Butunrossiya tashqi savdo akademiyasining filialini ochish va Strategik tashabbuslar ekspert markazi faoliyatini tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlarga alohida e’tibor qaratildi. Loyihaning amaliy jihatlarni atroflicha muhokama qilgach, Laziz Kudratov va Maksim Reshetnikov TDIU rektori To‘lqin Teshabayev hamrohligida universitetni aylanib chiqdilar va tashabbusni amalga oshirish uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdilar.