20 avgust 2026

Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Ozarbayjon Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi bilan uchrashuv o‘tkazdi

19-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Ozarbayjon Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Rashad Mammadov bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda ISSV matbuot xizmati.

Tomonlar ikki tomonlama savdo va investitsiyaviy hamkorlik dinamikasini ko‘rib chiqdilar. 2025-yilda o‘zaro savdo aylanmasi 307,3 mln dollarni (+14,6%), 2026-yil yanvar–iyun oylarida esa 170,3 mln dollarni (+30,8%) tashkil etdi.

Savdo-investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan ikki tomonlama hujjatlarni tayyorlashga, jumladan, erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” hamda 2030-yilga qadar o‘zaro savdo hajmini 1 mlrd dollarga yetkazish dasturiga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, 22-avgust kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan IV O‘zbekiston–Ozarbayjon hududlararo forumini tashkil etish masalalari muhokama qilindi. Forum ikki mamlakat hududlari va ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kengaytirish uchun maydon bo‘lib xizmat qiladi.

Uchrashuv yakunida o‘zaro savdoni oshirish, investitsiya loyihalarini ilgari surish va hududlararo aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha navbatdagi qadamlar belgilab olindi.