26-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Von Do Yon bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda ISSV matbuot xizmati.
Uchrashuvda sentabr oyida oliy darajadagi tashrif davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish hamda yaqin yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 5 mlrd dollarga yetkazish masalalari muhokama qilindi. Joriy yilning 10 oyi yakunlariga ko‘ra, o‘zaro savdo hajmi 7,4 foizga o‘sib, 1,6 mlrd dollarni tashkil etdi.
Tomonlar Erkin savdo to‘g‘risidagi bitimning asosiy qoidalarini kelishishni yakunlashga kelishib oldilar. Shuningdek, Koreya kompaniyalari uchun ixtisoslashtirilgan sanoat zonasini tashkil etish bo‘yicha navbatdagi qadamlar belgilandi. Muhim minerallar, sun’iy intellekt va mashinasozlik sohalaridagi loyihalar ko‘rib chiqildi.
Muhim minerallar yo‘nalishida loyihalar portfelini shakllantirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. 2027-yilning birinchi choragida Hukumatlararo qo‘mitaning 13-yig‘ilishi hamda mineral resurslarni qazib olish va qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar ishtirokida davra suhbati o‘tkazish rejalashtirildi.