6-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Omon Sultonining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Vafa Jabr Nosir Al-Busaidiy bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda ISSV matbuot xizmati.
Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikning joriy holati va uni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Bir qator yo‘nalishlardagi investitsiyaviy loyihalar portfelini amalga oshirishni jadallashtirish muhimligi ta’kidlandi.
4-iyuldan boshlab “Oman Air” aviakompaniyasi Maskat–Toshkent yo‘nalishida haftasiga ikki marotaba muntazam to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni amalga oshirayotgani mamlakatlar o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini yanada rivojlantirishga xizmat qilayotgani qayd etildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar rejalashtirilgan ikki tomonlama tadbirlarga tayyorgarlikni o‘z vaqtida yakunlash, erishilgan kelishuvlarni amaliy jihatdan ilgari surish hamda O‘zbekiston–Omon savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorligini kengaytirish bo‘yicha tizimli ishlarni davom ettirishga kelishib oldilar.