5-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Jazoir Xalq Demokratik Respublikasi tog‘-kon sanoati vaziri Murad Hanifi bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda ISSV matbuot xizmati.
Tomonlar geologiya va geologik qidiruv, tog‘-kon va metallurgiya sanoati sohalaridagi hamkorlik istiqbollarini, shuningdek, investitsiyaviy va institutsional hamkorlik masalalarini muhokama qildilar.
Texnologiyalar transferi, geologik modellashtirishning zamonaviy usullarini joriy etish, litiy, tantal, niobiy va boshqa nodir elementlarning istiqbolli konlarini birgalikda o‘rganish, shuningdek, mutaxassislar tayyorlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Bir qator metallarni mahalliy darajada qayta ishlash bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, Olmaliq va Navoiy kon-metallurgiya kombinatlari bilan tajriba almashish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Bo‘lajak Hukumatlararo komissiya doirasida sohaviy ishchi guruh tuzish va idoralararo bitim tayyorlash taklif etildi.