9-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov “Petrocas Energy Group” kompaniyasining boshqaruvchi hamkori Ivane Nakaidze bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda vazirlik matbuot xizmati.
“Petrocas Energy Group” Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz va Qora dengiz mintaqasida neft mahsulotlari va yoqilg‘i savdosi hamda logistika sohalariga ixtisoslashgan. Kompaniya xalqaro GULF brendining mintaqadagi eksklyuziv hamkori va litsenziati hisoblanadi.
Tomonlar O‘zbekistonda avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘i va zamonaviy yoqilg‘i infratuzilmasini rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar.
Xalqaro avtomobil yo‘llari bo‘ylab xalqaro sifat va xavfsizlik standartlariga javob beradigan zamonaviy AYQSHlar va yo‘lbo‘yi servis majmualarini tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish, O‘zbekiston bozoriga yetakchi Amerika kompaniyalari va ilg‘or texnologiyalarni jalb etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.