28-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Singapurning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Zulkifli Bin Baharudin bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda ISSV matbuot xizmati.
Suhbat chog‘ida mamlakatlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarning bugungi holati va ularni rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi.
O‘tgan yetti yilda tovar ayirboshlash ikki baravar, Singapur sarmoyalari hajmi qariyb $1 milliardga yetdi, joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi yana 6 foizga oshdi va yangi loyihalarni amalga oshirish uchun $312 million yo‘naltirildi. O’zbekistonda Singapur sarmoyasi ishtirokida 102 ta korxona muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.
Tomonlar o‘zaro hamkorlik salohiyatidan to‘liq foydalanilmayotgani, uni rivojlantirish uchun qator istiqbolli yo‘nalishlar mavjudligiga yakdil fikr bildirdi.
Oliy darajadagi tashriflar chog‘ida erishilgan umumiy qiymati 3,9 milliard dollarlik investitsiyaviy bitimlarni amalga tatbiq qilish jarayoni alohida tahlil qilindi. Erishilgan kelishuvlarni toʻliq va oʻz vaqtida ijro etish boʻyicha saʼy-harakatlarni faollashtirish boʻyicha oʻzaro chora-tadbirlar kelishib olindi.
Uchrashuv yakunlari boʻyicha Singapurning yirik kompaniyalari bilan infratuzilmani rivojlantirish, aqlli qishloq xoʻjaligi, IT-texnologiyalari, elektrotexnika, sogʻliqni saqlash sohalarida hamkorlikda ishlash boʻyicha muzokaralar tashkil etish, shuningdek, shu yilning dekabr oyida Singapurda biznes-forum oʻtkazish boʻyicha kelishuvga erishildi.