19-sentabr kuni investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Hindistonning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Smita Pant bilan uchrashdi, deb xabar beradi vazirlik matbuot xizmati.
Muzokaralar davomida Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikning bugungi holati koʻrib chiqildi va bu borada oʻzaro munosabatlarni yanada rivojlantirishning istiqbolli yoʻnalishlari belgilab olindi.
Xususan, savdo aylanmasini oshirish, investitsiyalarni jalb qilish, logistikani yaxshilash va transport aloqalarini diversifikatsiya qilish chora-tadbirlari muhokama qilindi.
O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi Hukumatlararo qo‘shma komissiyaning navbatdagi 15-yig‘ilishini joriy yil oxiriga qadar Toshkent shahrida o‘tkazish va Hindiston moliya va korporativ ishlar vazirining 25-26-sentabr kuni Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan Osiyo Infratuzilmaviy Investitsiyalar Banki Boshqaruvchilar kengashining 9-yillik yig‘ilishida ishtirok etishining tashkiliy masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar ikki tomonlama hamkorlikning kun tartibidagi muhokama qilingan masalalar doirasida birgalikda harakat qilishga kelishib oldilar.