23 sentabr 2024

Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Fransiyaning ‘‘Voltalia’’ kompaniyasi vitse-prezidenti bilan uchrashdi

Joriy yilning 19-sentabr kuni Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Fransiyaning ‘‘Voltalia’’ kompaniyasi vitse-prezidenti Yoni Ammar bilan uchrashdi, deb xabar beradi vazirlik matbuot xizmati.

Suhbat davomida tomonlar Oʻzbekistonning qator hududlarida quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish boʻyicha yirik loyihalarni amalga oshirish jarayonlarini atroflicha koʻrib chiqdilar.

‘‘Voltalia’’ kompaniyasi 2005-yilda Fransiyada tashkil etilgan. Qayta tiklanadigan energiya manbalari sohasidagi loyihalarni, xususan, quyosh, shamol, gidroenergetika va bioenergetika loyihalarini amalga oshirish boʻyicha yirik tajribaga ega. Kompaniyaning loyiha portfeliga ishga tushirilgan va qurilayotgan 3,1 GVt dan ortiq energetika obyektlari kiradi. ‘‘Voltalia’’ kapitallashuvi 1,2 milliard dollarni tashkil qiladi.

Muzokaralar natijasida tomonlar loyihalarni muvaffaqiyatli yakunlash doirasida navbatdagi choralar haqida kelishib oldilar va hamkorlikni rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilab oldilar.

Shuningdek, erishilgan kelishuvlar, energetika sohasida oʻzaro manfaatli hamkorlikni chuqurlashtirish va Oʻzbekiston va Fransiya oʻrtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.