Investitsiya dasturining monitoringi avtomatlashtirilgan onlayn tizim orqali amalga oshiriladi
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 14-yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasi Investitsiya dasturini yanada takomillashtirish va uning samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 16-son qarori qabul qilindi, deb yozadi Norma.
Bundan buyon investitsiya dasturi monitoringi avtomatlashtirilgan onlayn tizim orqali amalga oshiriladi.
Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Investitsiya dasturini shakllantirish va amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanadi.
Shunday qilib, uch yillik investitsiya dasturini shakllantirish tartibi 6 bosqichdan iborat:
- I bosqich – 1 avgustgacha investitsiya dasturining dastlabki ro‘yxati shakllantiriladi;
- II bosqich – 10 avgustga qadar shakllantirilgan ro‘yxatlar Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi;
- III bosqich – 25 avgustga qadar Vazirlar Mahkamasining tarkibiy bo‘linmalari investisiya dasturi loyihasini kelishib oladilar;
- IV bosqich – 25 oktabrgacha vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqadi va kelishib oladi;
- V bosqich – 10 noyabrga qadar investisiya dasturining yakuniy loyihasi Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi;
- VI bosqich – 1 dekabrga qadar Vazirlar Mahkamasi Prezident Administratsiyasiga loyiha kiritadi.
Investitsiya dasturi ijrosini monitoring qilishning quyidagi tartibi belgilandi:
- Har oy 5-kungacha loyiha tashabbuskorlari uni amalga oshirishning borishi to’g’risidagi ma’lumotlarni axborot tizimiga kiritadilar;
- Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi har oyning 10-kuniga qadar Prezident Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga axborot taqdim etadi.
Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 2023-yil 16-yanvardan kuchga kirdi.