02 Noyabr 2023

Markaziy bank boshqaruvining yig‘ilishida asosiy stavkani o‘zgarishsiz qoldirish bo‘yicha qaror qabul qilindi

Iqtisodiyotdagi inflyasion jarayonlar va kutilmalar yilning birinchi yarim yilligidagi pasayishdan so‘ng, mahsulotlar taklifidagi o‘zgarishlar va inflyasion talab omillari fonida biroz tezlashishi kuzatildi, deb xabar beradi Markaziy bank matbuot xizmati.

Asosiy stavkaning joriy darajasi yil oxiriga qadar inflyasiyaning prognoz ko‘rsatkichlari doirasida shakllanishi uchun zaruriy pul-kredit sharoitlarini ta’minlashga xizmat qiladi.

Umumiy inflyasiya yil boshidan pasayuvchi dinamikada shakllanib oxirgi chorakda 9,2 foizgacha tezlashdi. Inflyasiya o‘sishining tarkibiy omillari qatorida oziq-ovqat narxlarining 11 foizgacha tezlashishi, meva-sabzavotlar va tartibga solinadigan narxlar o‘zgarishining umumiy inflyasiyadagi hissasi ortishi bilan izohlandi.

Bazaviy inflyasiya yil boshidan pasayib sentyabrda 10,3 foizni tashkil qildi. Mazkur pasayish tendensiyasiga qaramay, umumiy inflyasiya bilan sezilarli tafovuti saqlanib qolmoqda. Bu inflyasiyaning barqaror komponentlari narxlarida yuqori o‘sish kuzatilayotganini ko‘rsatib, iqtisodiyotda nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlarini ta’minlashni taqozo qilmoqda.

Aholi va tadbirkorlarning kelgusi 12 oylik inflyasion kutilmalari avgust oyidagi o‘sishdan so‘ng mos ravishda 13,5 va 14,2 foizgacha pasaydi. Iqtisodiyotdagi kutilmalar qisqa muddatli shoklarga yuqori ta’sirchan bo‘lib qolmoqda.

Global inflyasion jarayonlarning davomiyligi bo‘yicha noaniqliklar saqlanib qolmoqda. Asosiy savdo hamkorlardagi inflyasiya darajasi va almashuv kurslarining joriy dinamikasidagi vaziyat so‘mning real samarali almashuv kursini mustahkamlanishiga bosimlarni kuchaytirmoqda.

Iqtisodiyotning real sektorida ijobiy tendensiyalar kuzatilib, joriy yilning 9 oy yakuniga ko‘ra, YaIM o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 5,8 foizga o‘sdi.

Iqtisodiy o‘sishning yuqori sur’atlari fiskal rag‘batlantirish ta’sirida iste’mol xarajatlarining o‘sishi hamda markazlashmagan investisiyalar hajmining sezilarli oshishi hisobiga ta’minlandi.

Iqtisodiyotda yalpi talabning ijobiy o‘sish dinamikasi davom etmoqda, bu ko‘rsatilayotgan bozor xizmatlari hajmining o‘tgan yilga nisbatan 12,1 foizga, savdo va pullik xizmatlardan pul tushumlari hajmining 28 foizga o‘sishida namoyon bo‘ldi.

Shu bilan birga, transchegaraviy pul o‘tkazmalari yuqori baza effekti hisobiga o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 33,7 foizga qisqargan bo‘lsa-da, 2021-yilning mos davriga nisbatan 1,4 barobarga o‘sgan.

Banklararo pul bozoridagi faollikda ham o‘sish kuzatilib, o‘rtacha tortilgan banklararo depozit va repo stavkalari to‘liq foiz koridorida shakllangan.

Nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlari iqtisodiyotga ajratilayotgan kreditlarni maqbul o‘sish sur’atlarini ta’minlashga xizmat qilmoqda. Bundan tashqari, so‘nggi oylarda kuzatilgan chakana kreditlardagi yuqori o‘sish sur’atlari makroprudensial choralarni qo‘llash orqali muvozanatlashtirilmoqda va kelgusida zaruriyat paydo bo‘lgan holda qo‘shimcha choralar qo‘llanilishi mumkin.

Ijobiy real foiz stavkalari depozit bozorining chakana segmentida yuqori faollikni ta’minlamoqda. Sentyabr oyida aholining milliy valyutadagi muddatli depozitlari bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkalari 21,1 foizni tashkil etib, 1-oktyabr holatiga muddatli depozitlar qoldig‘ining yillik o‘sishi 47,1 foizni, jumladan, jismoniy shaxslarning muddatli omonatlari o‘sishi 52,3 foizni tashkil etdi.

Inflyasiyani oshiruvchi va pasaytiruvchi omillar balansidan kelib chiqib yangilangan prognozlarga ko‘ra, joriy yil yakunida inflyasiya prognoz koridori doirasida shakllanishi kutilmoqda.

Mavsumiy oziq-ovqat narxlarining o‘sishi va tartibga solinadigan narxlarga kiritilayotgan o‘zgarishlarning umumiy inflyasiyaga birlamchi va ikkilamchi ta’sirlari kabi inflyasiyani oshiruvchi omillar saqlanib qolmoqda.

Markaziy bank pul-kredit sharoitlarining yalpi talab, narxlar va inflyasion kutilmalarga ta’sirlarini baholab, barcha pul-kredit instrumentlarini inflyasiyani joriy yilgi prognoz doirasida shakllanishini va o‘rta muddatda target ko‘rsatkichlariga erishishni ta’minlashga qaratadi.

Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi 2023-yil 14-dekabrga belgilangan.