O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 13 fevraldagi «Kimyo sanoati korxonalarini yanada isloh qilish va moliyaviy sog‘lomlashtirish, yuqori qo‘shilgan qiymatli kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarishni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-4992-son Farmoniga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (keyingi o‘rinlarda – “Davaktiv agentligi” yoki “Sotuvchi”) «Farg‘onaazot» AJ (keyingi o‘rinlarda – “Kompaniya” yoki “Farg‘onaazot”) ustav kapitalidagi 99,02 foiz aksiya paketlarini muzokaralar uchun ommaviy taklif sotuv jarayoni orqali sotish rejasini e’lon qiladi (keyingi o‘rinlarda – Bitim).
Deloitte TCF LLP (keyingi o‘rinlarda “Deloitte”) ushbu Bitim bo‘yicha Davaktiv agentligining yetakchi maslahatchisi hisoblanadi. Xalqaro Moliya Korporatsiyasi (keyingi o‘rinlarda “XMK”) ham aktivni xususiylashtirishga yordam beradi.
Kompaniya to‘g‘risida qisqacha ma’lumot
“Farg‘onaazot” aksiyadorlik jamiyati 1962 yilda tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda O‘zbekistonda mineral azotli o‘g‘itlar, defoliantlar va sellyuloza asetatlar ishlab chiqaruvchi yirik korxonalardan biri hisoblanadi. Korxona 3 ta asosiy kompleksga bo‘lingan:
Mineral o‘g‘itlarni ishlab chiqarish: AM-76 keng ko‘lamli ammiak agregati, konsentratsiyalanmagan AK-72M azot kislota va AS-72M ammiakli selitra ishlab chiqarish, karbamid ishlab chiqarish;
Natriy xlor va magniy xlorat defoliantini ishlab chiqarish;
Asetat tolasi va sellyulozaning murakkab efirlarini ishlab chiqarish.
Bundan tashqari, azot-fosfor o‘g‘itlari AFO, KAS suyuq o‘g‘iti, suyultirilgan azot-kalsiyli o‘g‘it, «Darmon» issiqxona xo‘jaliklari uchun o‘g‘itlar, natriy nitrati, natriy bikarbonati, polietilen paketlar, mineral o‘g‘itlarni konteynerlar bilan ta’minlash uchun polietilen qoplar va boshqa sexlar mavjud. Korxonaning jami ishlab chiqarish quvvati yiliga 2,8 million tonna o‘g‘itni tashkil qiladi.
Kompaniyaning moliyaviy natijalari yuqori ijobiy dinamikani ko‘rsatmoqda. 2020 yil yakuni bo‘yicha Kompaniyaning sof foydasi 292,6 milliard so‘m (2019-yilda 220 milliard so‘m)ni tashkil etgan, 2021-yil yakuniga muvofiq mazkur ko‘rsatkichning o‘sishi kutilmoqda. Bu yangilangan ko‘rsatkichlarda aks ettiriladi va elektron ma’lumotlar xonasiga (VDR) yuklanadi va ma’lumotni oshkor qilmaslik to‘g‘risidagi bitimlar (NDA) tuzgan potensial investorlar uchun keyin taqdim etiladi.