“O‘zcharmsanoat” uyushmasida Hindistonning “Zain International” kompaniyasi vakili bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muloqot chog‘ida charm sanoati rivojlangan Markaziy va Janubiy Osiyoning ikki yirik davlati o‘rtasida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Bu haqida “UzDaily.uz” xabar beradi.
Hindiston kompaniyasi mamlakatimizdagi qulay ishbilarmonlik muhiti, xorijiy investorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar va qulay logistika joylashuvi tufayli O‘zbekistondagi qator korxonalar bilan qulay aloqalar o‘rnatgan. Xususan, bugungi kunda “Zain International” kompaniyasi Qashqadaryo viloyatidagi “Uzshoes” qo‘shma korxonasida tayyor poyabzal mahsulotlarini eksport qilish borasida samarali ish olib bormoqda. Shuningdek, Samarqand viloyatidagi “Amr-Ul-Bahr” mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan o‘zaro hamkorlik jarayoni davom etmoqda.
Ma’lumot uchun: Zain International Hindistonda xavfsizlik poyabzallarini ishlab chiqarish, eksport qilish va yetkazib berish bilan shug’ullanadi. Kompaniya Uttar-Pradesh, Hindistonning Kanpur shahrida joylashgan. Ayni paytda korxonada oyiga 500 kvadrat metr tayyor charm, qariyb 75 ming juft ish kiyimi, 25 ming juft xavfsizlik poyabzali ishlab chiqarilmoqda.
Suhbatda Hindiston tomoni O‘zbekistonning charm-poyabzal sanoati salohiyati yildan-yilga ortib borayotgani, bugungi kunda o‘zbek mahsulotlari sifati yangi bosqichga ko‘tarilganini ta’kidladi. Korxona xomashyo va tayyor mahsulotlarni nafaqat Hindistonning o‘zida, balki tashqi bozorlarga, jumladan, MDH mamlakatlariga ham yetkazib beradi.
Shu bois Hindiston kompaniyasi O‘zbekistonda poyabzal ishlab chiqarish bo‘yicha yangi sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish tashabbusi bilan chiqdi. Investorga O‘zbekiston Respublikasining 16 ta tumanida yaratilgan qulay infratuzilmaga ega kichik sanoat zonalari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Yig‘ilish yakunida “O‘zcharmsanoat” uyushmasi investitsiya loyihasini samarali amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga tayyorligini bildirdi va aniq chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi.