19 Mart 2024

Germaniya kompaniyasi O‘zbekiston qurilish sanoatiga eng yangi texnologiyalarni joriy etishga investitsiya kiritishga tayyor

Mamlakatimizning Frankfurt-Mayn shahridagi Bosh konsulligi vakillari Germaniyaning CBS HOME qurilish kompaniyasi rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

Uchrashuvda investitsiyaviy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi. Germaniya tomoniga O‘zbekistonning iqtisodiy, investitsiyaviy va sayyohlik salohiyati, mamlakatimizda biznes yuritish uchun yaratilgan qulay sharoitlar, investorlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish tizimi haqida ma’lumotlar taqdim etildi.

O‘zbekistonda “yashil” sanoatni rivojlantirish va ishlab chiqarish tuzilmalarini modernizatsiya qilish ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning eng muhim yo‘nalishi ekani ta’kidlandi.

Diplomatlar CBS HOME ishlab chiqarish korxonasini, shuningdek, kompaniya mahsulotlari qo‘llanilayotgan qurilish maydonchasini ko‘zdan kechirdi.

O‘zbekistonda qurilish materiallari ishlab chiqarish, uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish va servis markazlarini barpo etish sohasidagi o‘zaro manfaatli investisiya loyihalari va ilg‘or tashabbuslarni amalga oshirishning amaliy jihatlari muhokama qilindi.

O‘zbekistonda qurilish industriyasi va arxitekturasini rivojlantirish uchun sarmoyaviy, savdo-sanoat kooperatsiyasini kengaytirishdan o‘zaro manfaatdorlik bildirildi.

Germaniya tomoni O‘zbekiston qurilish sektoriga 15 million yevrodan ortiq investitsiya kiritishga, shuningdek, ishlab chiqarish quvvati va konstruksiyalarning sifatini oshirish uchun eng yangi texnologiyalarni joriy etishga ko‘maklashishga tayyorligini ma’lum qildi.

Muzokaralar yakunida tijorat taklifini tayyorlash natijalari bo‘yicha amaliy aloqalarni va mazmunli muzokaralarni davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.