17 Aprel 2024

To‘qimachilik tarmog‘ini rivojlantirish chora-tadbirlari muhokama qilindi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 16-aprel kuni to‘qimachilik sohasida eksport va investitsiya hajmlarini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi, deb xabar beradi davlatimiz rahbari matbuot xizmati.

To‘qimachilik barcha hududlarimizda keng tarqalgan va aholini eng ko‘p band qilgan salohiyatli sanoat tarmog‘idir. Bugungi kunda 6 mingdan ziyod korxonada 570 ming kishi ish bilan ta’minlangan.

So‘nggi yillarda investitsiyalar va yangi texnologiyalar faol jalb etilgani tufayli sohada natijadorlik jadal oshgan. Masalan, o‘tgan yili 8 milliard 200 million dollarlik to‘qimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarilgan. Bu ko‘rsatkich 7 yil oldingiga nisbatan 4,2 baravar ko‘p.

Shuningdek, 2023-yilda tarmoqdagi eksport 3,1 milliard dollar bo‘ldi. Bu yil yana uchta yangi bozorlarga chiqilib, eksport geografiyasi 83 ta davlatga yetdi.

Biroq uning tarkibi tahlil qilinsa, muayyan kamchiliklar ham ko‘zga tashlanadi. Masalan, tayyor tovarlar eksportida yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ulushi kam. Eksportning qariyb 80 foizi an’anaviy bozorlarga to‘g‘ri kelayapti. Yevropaga eksport hajmi kutilganidek emas.

Rivojlangan davlatlar bozoriga yoki brendlarga eksport hajmini oshirish uchun xalqaro standart va sertifikat talab etiladi. Lekin bizdagi atigi 175 ta korxona bunday talablarga javob beradi. 18 ta tumanda to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish yillik hajmi 1 million dollarga ham yetmaydi.

Yig‘ilishda shu kabi tahlillar asosida tarmoqdagi ulkan imkoniyatlar ko‘rsatib o‘tildi.

“Boston Consulting Group” xulosasiga ko‘ra, bizdagi xomashyo bilan kamida 15 milliard dollarlik mahsulot ishlab chiqarish, yana 500 mingta yangi ish o‘rni yaratish imkoniyati bor.

Masalan, yurtimizda 1 kilogramm ip-kalavaning tannarxi jahondagi narxlardan o‘rtacha 28 foiz arzon. Bu – tayyor mahsulotni ko‘paytirish va raqobat uchun juda katta imkoniyat.

Moliyaviy qo‘llab-quvvatlov ham bor. O‘tgan yil boshida gazlama, bo‘yash-pardozlash, tayyor tikuv-trikotaj loyihalari uchun 50 million dollar resurs ajratilgan. Bu mablag‘ ishlatilganidan keyin, yana 100 million dollar yo‘naltirish rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbari bu imkoniyatlardan oqilona foydalanib, hududlarda loyihalarni va ish o‘rinlarini ko‘paytirish kerakligini ta’kidladi.

– Bu sohada yagona to‘g‘ri yo‘limiz – mavjud xomashyoni to‘liq qayta ishlash orqali yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish va an’anaviy arzon bozorlardan, yangi bozorlarga kirib borish, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ishlab chiqarishning qulay yo‘llaridan biri – yirik korxonalar filiallarini mahallalarda ochish. Masalan, Samarqand shahridagi “Zarafshon tekstil” fabrikasi 11 ta hududiy filial ochgan. Buning afzalligi shundaki, ortiqcha vaqt va xarajat qilib, yangidan standart joriy qilish yoki sertifikat olish shart emas. Shu bois bu amaliyotni kengaytirish zarurligi qayd etildi.

To‘qimachilik korxonalari uchun eng muhim masalalardan biri bu – xomashyo. Mamlakatimizda 1 million 300 ming tonna tolani qayta ishlash quvvati bor. Lekin hozirda 1 million tonnaga yaqin tola tayyorlanmoqda. Shu bois paxta yetishtirish tannarxini kamaytirish va hosildorlikni oshirish zarurligi ta’kidlandi.

Paxta-to‘qimachilik klasterlarining faoliyatiga ham to‘xtalib o‘tildi. Ularning barqaror faoliyatini ta’minlash bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.

Videoselektor yig‘ilishida 100 dan ortiq tadbirkorlar ishtirok etdi. Prezidentimiz ular bilan muloqot qildi.

Tadbirkorlar to‘qimachilik korxonalari qurish, qo‘shilgan qiymat solig‘ini bir kunda qaytarish amaliyotini kengaytirish, eksportoldi kreditlar olishni soddalashtirish, arzon moliyaviy resurslar ajratish, milliy mahsulotlarni ommalashtirish bo‘yicha muammo va  takliflarini aytdi.

Mutasaddilarga bu masalalarni chuqur o‘rganib, amaliyotga joriy etish, zarur bo‘lsa, qonunchilikni takomillashtirish vazifasi qo‘yildi.

Sohani kompleks rivojlantirishda “O‘zto‘qimachiliksanoati” uyushmasi muhim o‘rin tutadi. Shu bois endi uni to‘qimachilikning har bir yo‘nalishidagi tadbirkorlardan iborat Kengash boshqaradi. Har bir viloyat bo‘yicha uning vakillari saylanadi. Uyushma xodimlari klasterlar va to‘qimachilik korxonalariga ishlab chiqarish, investitsiya, eksport va ish o‘rinlarini ko‘paytirishga ko‘maklashadi.

Brendlar bilan ishlab, xalqaro sertifikatga ega eksportchilar sonini oshirish, Yevropa davlatlarida keng qamrovli targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazish muhimligi qayd etildi.

Klasterlarda ilm-fan va amaliyot uyg‘unligini ta’minlash maqsadida tadqiqot va rivojlanish (R&D) guruhlarini tashkil qilish taklifi bildirildi.

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilar axborot berdi.