04 Fevral 2023

Oʻzbekiston-Belarus savdo-iqtisodiy munosabatlarini rivojlantirish boʻyicha istiqbolli chora-tadbirlar muhokama qilindi

ISSV matbuot xizmati xabariga ko’ra, joriy yilning 4-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Belarus Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Leonid Marynichni qabul qildi.

Uchrashuvda O‘zbekiston-Belarus savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va sanoat hamkorligining bugungi holati va uni yanada kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

O‘zaro savdo munosabatlarida ijobiy dinamika kuzatilayotganligi qayd etildi. Xususan, 2022-yil oxiriga kelib ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 71 foizga o‘sib, 530 million dollardan oshdi. Shu bilan birga, O‘zbekiston mahsulotlarining Belarusga eksporti ikki baravar oshdi. Tomonlar yaqin yillarda savdo ko‘rsatkichlarini 1 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarni amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Muloqot davomida sarmoyaviy hamkorlikni chuqurlashtirish va sanoat kooperatsiyasini kengaytirish istiqbollari ham muhokama qilindi. Taʼkidlanganidek, Oʻzbekistonda Belarus kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 181 taga yetdi, ulardan 77 tasi qoʻshma va 104 tasi 100 foiz Belarus investitsiyalari ishtirokida tashkil etilgan. 2022 yilning o‘zida 86 ta yangi korxona tashkil etildi. Oʻz navbatida Belarus hududida Oʻzbekiston sarmoyasi ishtirokidagi yuzdan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda. Tomonlar sanoat kooperatsiyasining yangi qoʻshma loyihalarini amalga oshirishga har tomonlama koʻmaklashishga tayyorligini bildirdilar.

O‘zbekiston-Belarus hududlararo aloqalari ham muvaffaqiyatli rivojlanmoqda. 2022-yil oktabr oyida Belarusning Vitebsk viloyati delegatsiyasining Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida iqtisodiyot, sanoat, ta’lim va turizm sohalarida muhim kelishuvlarga erishildi. Qo‘shma savdo va ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish orqali hududlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish borasidagi ishlarni davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.

Uchrashuvda, shuningdek, to‘qimachilik, charm-poyabzal, elektrotexnika, mebel sanoati hamda zamonaviy qurilish materiallari ishlab chiqarishda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha qator muhim takliflar tahlil qilindi.

Uchrashuv yakunida tomonlar ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikning muhokama qilingan yo‘nalishlari doirasidagi hamkorlikni yanada kengaytirishga o‘zaro sodiqligini bildirdilar.