19-dekabr kuni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Butunxitoy xalq vakillari kengashining doimiy qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Chjan Sinveyni qabul qildi, deb xabar beradi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati matbuot xizmati.
O‘zbekiston va Xitoy munosabatlarining keng doirasi, xususan, siyosiy savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalar bo‘yicha o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini yana-da mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalar do‘stlik va har tomonlama strategik sheriklik asosida rivojlanib borayotgani, oliy darajadagi faol siyosiy muloqot tufayli 2023-yil O‘zbekiston-Xitoy munosabatlari tarixida muhim ahamiyat kasb etgani alohida taʼkidlandi.
So‘nggi 5 yilda mamlakatlarimiz o‘rtasida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi ikki baravarga o‘sib, 9 milliard dollardan ziyodni tashkil etdi. Bu davrda Xitoy sarmoyasi hajmi ham 5 barobar, kompaniyalar soni esa 3 barobar oshdi.
Muloqot davomida birgalikda innovatsion va texnologik quvvatlarni yaratish, xususan, avtomobilsozlik, yashil energiya, aqlli qishloq xo‘jaligi, suvni tejaydigan texnologiyalarni ishlab chiqarish sohalarida loyihalarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi.
O‘zaro munosabatlarning yana bir muhim yo‘nalishi sifatida mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirish masalalariga eʼtibor qaratildi. Joriy yilning o‘zida amalga oshirilgan tashriflar natijasida umumiy qiymati 3,5 milliard dollarlik 100 dan ortiq sarmoyaviy bitim va shartnomalar bo‘yicha kelishuvga erishilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Shuningdek, madaniy-gumanitar hamkorlik, birinchi navbatda, taʼlim, fan va texnologiya, madaniyat va turizm sohalarini yana-da rivojlantirish lozimligi haqida yakdil fikr bildirildi.
Tomonlar chuqur va o‘zaro manfaatli sheriklik asosi sifatida ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlik muhimligini taʼkidlab, mazkur yo‘nalishda keyingi yillarda faollik kuzatilayotgani, munosabatlarni amaliy loyihalar bilan yana-da boyitish lozimligiga to‘xtaldilar.
Ikki mamlakat o‘rtasida erishilgan oliy darajadagi kelishuvlarning samarali amalga oshirilishini taʼminlash uchun muntazam mulqotni yo‘lga qo‘yish, bu jarayonda parlamentlararo do‘stlik guruhlarining muvofiqlashtiruvchi sifatidagi rolini yana-da oshirishga eʼtibor qaratildi.
Parlament delegatsiyalarining tashriflarini faollashtirish, qo‘shma tadbirlar o‘tkazish, mahalliy byudjetlar ijrosi ustidan parlament nazoratini amalga oshirishda o‘zaro tajriba almashish, shuningdek, tadbirkorlikni rivojlantirish, kambag‘allikni qisqartirish, “yashil iqtisodiyotga” o‘tish, suv resurslarini muhofaza qilish kabi yo‘nalishlarda hamkorlikni yana-da rivojlantirishga kelishib olindi.
Butunxitoy xalq vakillari kengashining doimiy qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Chjan Sinvey Senatining faxriy mehmonlar kitobida dastxat yozib qoldirdi.