18 Aprel 2024

O‘zbekiston-Tojikiston hamkorligini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon muzokaralarni ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda davom ettirdilar, deb xabar beradi O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati.

O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini, eng avvalo, siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalarda yanada chuqurlashtirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

– Keyingi yillarda oliy darajadagi o‘zaro ishonch va qo‘llab-quvvatlash ruhidagi faol muloqot natijasida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar misli ko‘rilmagan yuqori darajaga ko‘tarildi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu bilan birga, keng ko‘lamli hamkorlikni  yanada rivojlantirish uchun hali ishga solinmagan ulkan salohiyat va katta imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi.

– Bugun imzolanayotgan Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi tarixiy shartnomani amalga oshirish uchun barcha darajalarda – parlamentlar, hukumatlar, tashqi siyosiy idoralar, vazirlik va hududlar o‘rtasidagi muloqotlar samaradorligini oshirish lozim, – dedi davlatimiz rahbari.

Tovar ayirboshlash hajmini 2 milliard dollarga yetkazish maqsadida chegaraoldi savdo mexanizmlari va savdo infratuzilmasini rivojlantirish muhimligi ta’kidlandi.

Prezidentlar chuqur sanoat kooperatsiyasini rag‘batlantirish uchun energetika, elektrotexnika, metallurgiya, qazib chiqarish, to‘qimachilik, farmatsevtika, agrosanoat va boshqa tarmoqlarda muhim loyihalarni birgalikda amalga oshirish bo‘yicha qat’iy kelishuvlarga erishilganini olqishladilar.

Suvdan foydalanish masalalarida konstruktiv va o‘zaro manfaatli muloqotni davom ettirish masalalari muhokama qilindi.

Prezidentimiz hududlararo hamkorlik uchun katta salohiyatdan samarali foydalanish, tashrif doirasida erishilgan bitim va kelishuvlarni to‘liq amalga oshirish muhimligini qayd etdi.

Transport va tranzit tashishlar sohasidagi hamkorlik strategik yo‘nalish sifatida ko‘rsatib o‘tildi. Prezidentlar bu borada o‘zaro manfaatli sheriklikni kengaytirish hamda havo va temir yo‘llari orqali tashishlarni rivojlantirish, tranzit yuk tashishlar hajmini oshirish uchun qulay sharoitlar yaratishni qo‘llab-quvvatladilar.

Tomonlar madaniy-gumanitar almashinuvni yanada faol qo‘llab-quvvatlashga ahdlashib oldilar.

Zamonaviy tahdid va xatarlarga qarshi kurashishda yaqin aloqalarni davom ettirish, Afg‘onistonda ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni ilgari surish muhimligi ta’kidlandi.

Mintaqaviy va xalqaro tuzilmalar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga tayyorlik bildirildi.

Yig‘ilish davomida Bosh vazirlar o‘rinbosarlari, transport, energetika va qishloq xo‘jaligi vazirlarining kun tartibi yuzasidan hisobotlari tinglandi.

Muzokaralar yakunida davlat rahbarlari qo‘shma “yo‘l xaritasi”ni tayyorlash hamda erishilgan kelishuvlarni samarali amalga oshirish mexanizmlarini yo‘lga qo‘yishga topshiriq berdilar.