O‘zbekiston diplomatik missiyasi ko‘magida Malayziyaning «Port Klang Free Zone» (PKFZ) rahbariyati va “Navoiy” Maxsus iqtisodiy zona direksiyasi» AJ vakillari o‘rtasida uchrashuv tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot davomida Malayziya tomoniga O‘zbekistondagi erkin iqtisodiy zonalar faoliyati, mamlakatimizdagi ishbilarmonlik muxiti, xorijiy investorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar va imtiyozlar, shuningdek, davlatimiz rahbarining «Navoiy viloyatini innovatsion, yuqori texnologiyalarga asoslangan, eksportga yo‘naltirilgan va import o‘rnini bosadigan ishlab chiqarishlar uchun erkin iqtisodiy zona sifatida belgilash chora-tadbirlari» to‘g‘risidagi farmon mazmun va mohiyatlari to‘g‘risida batafsil maʼlumot berildi.
Xorij tomoni so‘nggi yillarda O‘zbekiston milliy iqtisodiyotida erkin iqtisodiy zona ishtirokchilari tomonidan yuqori texnologiyalar asosida ishlab chiqarilayotgan yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlarining o‘sib borayotgan ulushini yuqori baholadi.
Uchrashuv davomida Malayziya va O‘zbekiston erkin iqtisodiy zonalari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish va o‘zaro tajriba almashish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Muzokaralar natijasida iqtisodiy zonalar rahbariyatlarining o‘zaro safarlarini ishlab chiqish, ishchi-xodimlari uchun o‘quv stajirovkalarini tashkil etish, Jahon erkin zonalar tashkiloti (WFZO) aʼzosi sifatida tomonlar o‘rtasida o‘zaro maʼlumotlarni almashish to‘g‘risida kelishib olindi.
“Navoiy” Maxsus iqtisodiy zonasi vakillari, shuningdek, PKFZ hududidagi ishlab chiqarish korxonalari faoliyatini ham ko‘zdan kechirdi.