O‘zbekiston elchisi Oybek Shaxavdinov 1-iyul kuni Vengriyaning Borsod-Abauz-Zemplen viloyatiga amaliy tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muhbiri.
Tashrif doirasida okrug hukumati raisi Boglarka Banne Gal, Miskolcs universiteti prorektori Piter Suç, shuningdek, viloyat Savdo-sanoat palatasi vitse-prezidenti Laslo Kis bilan muzokaralar olib borildi.
Uchrashuvlarda O‘zbekiston va Vengriya hududlari o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikning muhim jihatlari muhokama qilindi. Investitsiyaviy hamkorlik, shuningdek, tomonlarni qiziqtirgan boshqa yo‘nalishlar, jumladan, turizm, ta’lim va ilmiy tadqiqotlar sohasidagi hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ular hududlarda ikki xalqning buyuk alloma va mutafakkirlariga haykal o‘rnatish masalasini ko‘rib chiqishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Savdo-sanoat palatasida boʻlib oʻtgan muzokaralar doirasida viloyat ishbilarmon doiralari uchun mamlakatimizning savdo-iqtisodiy salohiyati taqdimoti tashkil etildi, Oʻzbekiston va Borsod-Abauz-Zemplen viloyatlari oʻrtasidagi investitsiyaviy va tijorat aloqalarini kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
Safar yakunlari boʻyicha hududlararo hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, xususan, Fargʻona viloyati va Borsod-Abauz-Zemplen oʻrtasida qishloq xoʻjaligi va kimyo sanoati sohasida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.