02 Aprel 2022

O‘zbekiston-Yaponiya hamkorligi masalalari muhokama qilindi

Joriy yilning 1-aprel’ kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investisiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Yaponiyaning O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Yoshinori Fudjiyama bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuv chog‘ida tomonlar siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar hamkorlikning bugungi holati, mavjud kelishuvlarning amalga oshirilishi va ustuvor yo‘nalishlarda sheriklikni chuqurlashtirish istiqbollarini muhokama qildilar.

Yaponiya diplomatik missiyasi rahbari xalqaro biznes hamjamiyatida mamlakatimizning iqtisodiy, investisiyaviy va savdo salohiyatini ilgari surish nuqtai nazaridan joriy yilning mart oyida o‘tkazilgan Toshkent xalqaro investisiya forumining ko‘lami va darajasini yuqori baholadi. Tadbirda «Sojitz Corporation», «Kyuden International», «Nekkie», «Toyota Tsusho Corporation», «Mitsubishi Corporation» va Yaponiya xalqaro hamkorlik banki (JBIC) kabi yirik yapon kompaniyalari va tijorat banklari rahbarlari ishtirok etgani Yaponiya biznesining O‘zbekiston bozoriga qiziqishi tobora ortib borayotganidan dalolat berishi ta’kidlandi. Tomonlar O‘zbekistonda loyihalarni amalga oshirish uchun Yaponiya korporatsiyalarini jalb qilish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldilar.

Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) bilan munosabatlarni chuqurlashtirish istiqbollari ham muhokama qilindi. Tomonlar qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda erishilgan katta yutuqlarni olqishladilar, shuningdek, JICA faoliyatini O‘zbekistonda kengaytirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar. Chorvachilik, irrigasiya va suvni tejaydigan texnologiyalar sohalari bu borada eng istiqbolli yo‘nalishlar sifatida qayd etildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston-Yaponiya munosabatlarining boshqa yo‘nalishlarini ko‘rib chiqib, amaliy hamkorlik, ikki tomonlama kelishuvlarni ilgari surish va kelishilgan loyihalarni hayotga tatbiq etishni jadallashtirish bo‘yicha navbatdagi tadbirlarni belgilab oldilar.