22 Mart 2024

Ispaniyaning Markaziy Osiyoga investitsiya kiritish imkoniyatlari muhokama qilindi

Mamlakatimizning Ispaniyadagi elchixonasi Madriddagi San-Pablo universiteti bilan hamkorlikda “Markaziy Osiyoga Ispaniya investitsiyalarini kiritish imkoniyatlari” mavzusida davra suhbati tashkil etdi, deb xabar beradi “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

Tadbirda Ispaniya Sanoat, savdo va turizm vazirligi, Airbus aviakompaniyasining mintaqaviy vakolatxonasi vakillari, San-Pablo universiteti professor-o‘qituvchilari va ekspertlari, shuningdek, O‘zbekiston, Ozarbayjon va Qozog‘iston elchilari ishtirok etdi.

Davra suhbatida Ispaniya va mintaqa davlatlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi.

Sanoat, savdo va turizm vazirligi vakili Mariya Penya Mateos so‘nggi yillardagi geosiyosiy beqarorlikka qaramay, O‘zbekiston bilan iqtisodiy aloqalar muvaffaqiyatli rivojlanib borayotganini ta’kidladi. Ispaniya hukumati kotibi Shiana Mendesning 2023-yilda Toshkentga tashrifi hamkorlikni yanada mustahkamladi va ispan tomoni O‘zbekistonga energetika, transport, qishloq xo‘jaligi, suv xo‘jaligi va turizm sohalarida salohiyatli hamkor sifatida qaraydi.

Airbus vakili Xose Luis de Migel “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi bilan yaxshi aloqalar o‘rnatilgani va O‘zbekistonga yana 12 ta A320neo samolyotini yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishilganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

O‘z navbatida, mamlakatimiz elchisi Farrux Tursunov anjuman ishtirokchilariga O‘zbekistonning iqtisodiy salohiyati, investitsiyaviy jozibadorligi, so‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar, shuningdek, O‘zbekiston-Ispaniya munosabatlari va investitsiyaviy hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari haqida ma’lumot berdi.

Taqdim etilgan ma’lumotlar tadbir ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi va bunday muhokamalarni muntazam tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.