18 noyabr 2026

To‘lovga qobiliyatsizlik ishlari agentligining huquqiy maqomi belgilandi

Hukumat qarori (616-son, 11.11.2026 y.) bilan “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi To‘lovga qobiliyatsizlik ishlari agentligi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi, deb xabar qilmoqda Adliya vazirligi matbuot xizmati.

Mazkur Nizom Adliya vazirligi huzuridagi To‘lovga qobiliyatsizlik ishlari agentligining (Agentlik) maqomi, asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari va javobgarligini, shuningdek, faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.

Quyidagilar Agentlikning asosiy vazifalari hisoblanadi:

  • to‘lovga qobiliyatsizlik ishlari bo‘yicha davlat siyosatini amalga oshirish, shu jumladan, ushbu sohani nazorat qilish va tartibga solish;
  • to‘lovga qobiliyatsizlik sohasida davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish;
  • to‘lovga qobiliyatsizlik jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish, ortiqcha byurokratik tartib-taomillarni soddalashtirish;
  • sud boshqaruvchilari faoliyatini tashkil etishni ta’minlash va ularning faoliyatini nazorat qilish;
  • jismoniy shaxslarning to‘lovga qobiliyatsizligi hisobini yuritish va tahlil qilish hamda boshqalar.

Agentlikka O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri o‘rinbosari – Adliya vazirligi huzuridagi To‘lovga qobiliyatsizlik ishlari agentligi direktori rahbarlik qiladi.