28 sentabr 2026

Pokiston kompaniyasi O‘zbekiston metallurgiya tarmog‘ida investitsiya loyihasini amalga oshirishni rejalashtirmoqda

O‘zbekistonning Pokistondagi elchisi Alisher To‘xtayev Pokistonning “Pak Steel” kompaniyasi direktori Hassan Farid bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Uchrashuv davomida tomonlar O‘zbekistonda po‘lat mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma investitsiya loyihasini, xususan, armatura ishlab chiqarish korxonasini tashkil etish istiqbollarini muhokama qildilar.

Hassan Faridning ta’kidlashicha, Pokistonda elektr energiyasi narxining yuqoriligi po‘lat mahsulotlari tannarxiga va ularning tashqi bozorlardagi raqobatbardoshligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Shu munosabat bilan O‘zbekistonda energiya resurslarining nisbatan arzonligi, sanoat zonalarining infratuzilmasi, shuningdek, investorlarga taqdim etilayotgan imtiyoz va preferensiyalar loyihani amalga oshirish uchun muhim omillar sifatida qayd etildi.

Bundan tashqari, “Pak Steel” infratuzilma obyektlari, ko‘chmas mulk, mehmonxonalar, turar joy majmualari, yo‘l o‘tkazgichlar, yerosti piyodalar o‘tish joylari va to‘g‘onlar qurilishida ham hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.

Muzokaralar yakunida tomonlar O‘zbekistonning tegishli vazirlik va idoralari bilan videokonferensiyalar o‘tkazish, keyingi hamkorlik bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish va shundan so‘ng kompaniya rahbariyatining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etishga kelishib oldilar.

“Pak Steel” po‘lat mahsulotlari ishlab chiqarish sohasida faoliyat yuritadi va 1949-yilda tashkil etilgan. Kompaniya armatura, deformatsiyalangan va oddiy po‘lat sterjenlar, shuningdek, shvellerlar va boshqa metall mahsulotlarini o‘z ichiga olgan turli xil konstruksion po‘lat mahsulotlarini ishlab chiqaradi.