O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Pokistonning yirik sanoat va biznes guruhlaridan biri — «Dewan Yousuf Group» rahbari Divan Yusuf bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Uchrashuvda raqamli iqtisodiyot va kriptoinfratuzilmani rivojlantirish, shakar va sement sanoatida hamkorlik qilish, shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish masalalariga asosiy e’tibor qaratildi.
Divan Yusuf O‘zbekistonning raqamli iqtisodiyot, kriptoaktivlar va blokcheyn texnologiyalari sohasidagi salohiyatini yuqori baholab, qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirdi. Xususan, u xalqaro raqamli aktivlar fondlarini jalb etish, zamonaviy raqamli platformalarni yaratish hamda kriptovalyuta mayningi jarayonida energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish imkoniyatlarini o‘rganishni taklif qildi.
Tomonlar shakar sanoatidagi hamkorlik istiqbollarini ham alohida ko‘rib chiqdilar. Pokiston tomoni xomashyoni, jumladan, Braziliyadan import qilish, uni O‘zbekistonda qayta ishlash va tayyor mahsulotni keyinchalik ichki bozorda sotish imkoniyatlarini o‘rganmoqda. Shu munosabat bilan Angren shakar zavodining ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalangan holda qo‘shma loyihani tashkil etish masalasi muhokama qilindi.
Uchrashuv ishtirokchilari sement sanoatidagi hamkorlik hamda savdo-logistika aloqalarini rivojlantirish masalalarini ham muhokama qildilar.
Muzokaralar yakunida kompaniya tomonidan batafsil investitsiya takliflarini tayyorlash va O‘zbekistonning tegishli vazirlik hamda idoralari bilan onlayn maslahatlashuvlar o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bundan tashqari, istiqbolli loyihalarni bevosita respublika hududida o‘rganish uchun Pokiston delegatsiyasining biznes missiyasini tashkil etish rejalashtirilmoqda.
1916-yilda tashkil etilgan «Yousuf Dewan Companies» guruhi Pokistonning yirik sanoat va biznes birlashmalaridan biri hisoblanadi. Uning faoliyati avtomobilsozlik, sement va shakar ishlab chiqarish, to‘qimachilik sanoati, sintetik tolalar ishlab chiqarish hamda tashqi savdoni qamrab oladi. Guruh kompaniyalarida 4 mingdan ortiq kishi mehnat qiladi.