16 Avgust 2023

Issiqko‘ldagi “Enesay” pansionati o‘zbekistonlik investorlarga beriladi

Qirgʻiziston oʻzbekistonlik investorlarga Issiqkoʻlda joylashgan sobiq “Dilorom” pansionatini berishni rejalashtirmoqda. Bu haqida, Tazabek Qirg‘iziston nashriga tayanib, Spot xabar bermoqda.

Bu haqida nashrga Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat mulkini boshqarish agentligi direktori Kanatbek Turg‘unbekov ma’lum qildi. U qo‘shni davlatga tashrif bilan kelgan Bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligidagi O‘zbekiston hukumat delegatsiyasiga hamrohlik qildi.

15-avgust kuni ikki davlat mutasaddilari sobiq “Dilorom” deb nomlangan “Enesay” pansionatiga tashrif buyurib, ko‘zdan kechirdi. Turg‘unbekovning so‘zlariga ko‘ra, Issiqko‘l qirg‘og‘ida joylashgan pansionat o‘zbekistonlik investorlarga berilishi rejalashtirilgan.

– Dilorom (Enesay), “Oltin qum” (Bo‘steri) va Rohat (Oltin-Jay) pansionatlariga sarmoya jalb etish masalasi bor. Ya’ni sarmoya jalb qilsa, boshqaradi”, – deya o‘rtoqlashdi qirg‘iz rasmiysi.

Qirg‘iziston har bir pansionat uchun 15 million dollardan 20 million dollargacha xorijiy sarmoya jalb etishni kutmoqda. Shuningdek, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratiladi.

2020-yil fevral oyida o‘zbek kompaniyalari Qirg‘izistondagi pansionatlarning sotilishiga qarshi chiqqan edi. Ularning qo‘shma bayonotida aytilishicha, qo‘shni davlat 2016-yilda ushbu pansionatlarni noqonuniy ravishda o‘zlashtirib olgan.

Shuningdek, O‘zmilliybank “Rohat-NBU” pansionati, “Asakabank” – “Dilorom” pansionati, “O‘zsanoatqurilishbank” – “Buston” pansionati, “Toshkent mexanika zavodi” – “Oltin qum” pansionatining egasi va ularni boshqargani alohida ta’kidlandi.