19-oktabr kuni Samarqand shahrida AQSh delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi doirasidagi biznes dastur doirasida savdo, investitsiyalar va texnologik hamkorlik sohalarida 12 mlrd dollar miqdoridagi loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi 54 ta kelishuvdan iborat hujjatlar paketi imzolandi, deb xabar qilmoqda ISSV matbuot xizmati.
Hujjatlar sanoatni modernizatsiya qilish, transport va energetika infratuzilmasini rivojlantirish, muhim minerallarni o‘zlashtirish, moliya, raqamli texnologiyalar, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarini qamrab oladi.
GE Aerospace bilan Uzbekistan Airways samolyotlari uchun dvigatellar yetkazib berish, Wabtec bilan esa temiryo‘l texnikasi va butlovchi qismlarni mahalliylashtirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Franklin Templeton, Oppenheimer & Co., Citigroup va BlackRock bilan tuzilgan kelishuvlar kapital jalb qilish hamda O‘zbekiston kompaniyalarining xalqaro moliya bozorlariga chiqish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.
ReElement Technologies, Traxys va Trafigura bilan tog‘-kon sanoatida hamkorlik qilish ko‘zda tutilgan. Amazon Leo, GE HealthCare va Valmont Industries bilan bog‘liq tashabbuslar esa sun’iy yo‘ldosh aloqasi, tibbiyot texnologiyalari va qishloq xo‘jaligi sohalarini qamrab oladi.