15 May 2023

O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan Tojikiston Iqtisodiy rivojlanish va savdo vazirligi o‘rtasida hamkorlik rejasi imzolandi

12-may kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov va Tojikiston Respublikasi Bosh vaziri Q.Rasulzoda raisligida Respublika o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiyaning navbatdagi 10-majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqida “UzDaily.uz” xabar beradi.

Tadbirda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqilib, amaliy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

Shuningdek, tadbirda Oʻzbekiston-Tojikiston investitsiya kompaniyasi mablagʻlarini jalb etgan holda tovar ayirboshlash hajmini oshirish, energetika, mashinasozlik, qishloq xoʻjaligi, transport, togʻ-kon sanoati, toʻqimachilik va boshqa sohalarda istiqbolli loyihalarni ilgari surish boʻyicha samarali chora-tadbirlar koʻrishga alohida eʼtibor qaratildi. 

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Tojikiston Respublikasi Iqtisodiy rivojlanish va savdo vazirligi oʻrtasidagi hukumatlararo qoʻshma komissiyaning navbatdagi majlisi doirasida 2023-2024-yillarga moʻljallangan hamkorlik rejasi ishlab chiqildi.