Joriy yilning 3-dekabr kuni Dubay shahrida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim oʻzgarishi boʻyicha konferensiyasi 28-sessiyasi (COP28) doirasida Iqtisodiyot va moliya vazirligi delegatsiyasi Gemaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) Markaziy Osiyo mintaqaviy dasturlar klasteri koordinatori Torsten Brezina bilan uchrashuv oʻtkazdi, deb xabar beradi Iqtisodiyot va moliya vazirligi Axborot xizmati.
Muhokamalarning maqsadi tomonlarning joriy loyihalar holatini muhokama qilish, shuningdek, “yashil” iqtisodiyotga oʻtish boʻyicha hamkorlik yoʻnalishlarini belgilash edi.
Uchrashuv boshida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga toʻxtalib oʻtildi. Unda donorlar va moliya institutlari tomonidan “yashil” iqtisodiyotga samarali oʻtishni qoʻllab-quvvatlash, shu jumladan, mamlakat hududlarida master-rejalarni ishlab chiqish boʻyicha olib borilayotgan ishlar ko‘rib chiqildi.
Shu bilan birga, O‘zbekistonda xususiy sektorni rivojlantirish loyihasi va iqtisodiy siyosat bo‘yicha maslahatlashuvlar muhokama qilindi. Uning doirasida sanoat tarmoqlari hamda ularni keyinchalik “yashil”ga o‘tkazish uchun obyektlarni aniqlash taklif etilmoqda.
Ushbu loyiha Iqtisodiyot va moliya vazirligiga iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish va barqaror iqtisodiy rivojlanish uchun shart-sharoitlarni ta’minlashda, ayniqsa, “yashil” sanoatlashtirish va “yashil” iqtisodiyot bo’yicha davlat va xususiy sektor salohiyatini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratishda ko‘mak beradi.
Taklif etilayotgan loyiha intensiv salohiyatni oshirish, ish joyida o’qitish, xalqaro aloqalar va bilimlarni uzatish orqali barqaror “yashil” iqtisodiyot va sanoat siyosatini ishlab chiqadi hamda amalga oshiradi.
Loyiha issiqxona gazlarini oʻlchash va sertifikatlash boʻyicha ekspert bilimlarini taqdim etadi, Oʻzbekistonning СО2 sertifikatlari bilan xalqaro savdoda ishtirok etishini va Yevropa ittifoqining Transchegaraviy tartibga solish mexanizmiga moslashishini qoʻllab-quvvatlaydi. Xususiy sektor resurslarni tejaydigan, barqaror ishlab chiqarish uchun “yashil” texnologiyalarni moslashtirishda, masalan, aylanma (sirkular) iqtisodiyot va “yashil” sanoat parklari modellari doirasida qoʻllab-quvvatlanadi.
Loyiha doirasida iqlim oʻzgarishi va uning oqibatlariga juda moyil boʻlgan hududlar hamda tarmoqlarni tanlash kutilmoqda.
Uchrashuv yakunida GIZ hamda vazirlik oʻrtasida qiymati 9 mln yevrolik (grand mablagʻi) “Oʻzbekistonda “yashil” sanoatlashtirish boʻyicha xususiy sektorni va iqtisodiy siyosatlar boʻyicha maslahatlar” loyihasini amalga oshirishga doir kelishuv imzolandi.