O‘zbekiston elchisi Bahrom Babayev Polsha taraqqiyot va texnologiyalar vazirligi davlat kotibi, xorijiy investitsiyalar bo‘yicha hukumat komissari, iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Polsha-O‘zbekiston hukumatlararo komissiyasi hamraisi Gjegosh Pixovyak bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.
Tomonlar O‘zbekiston va Polsha o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlar, sarmoyaviy va moliyaviy sohalardagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar.
Polsha tomoni O‘zbekiston Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng muhim, istiqbolli va uzoq muddatli hamkor ekanligini, Varshava savdo-iqtisodiy sohadagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni, jumladan, turli sohalarga sarmoyaviy mablag‘lar va eng yangi texnologiyalarni jalb etishni yanada kengaytirishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.
Yig‘ilishda Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning 8-majlisi va uning doirasida biznes-forumni tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi.
Qayd etilishicha, Polsha tomoni ushbu tadbirga har tomonlama va puxta tayyorgarlik ko‘rmoqda. O‘zbekiston-Polsha ishbilarmonlar kengashini tashkil etish to‘g‘risidagi bitimni, shuningdek, mamlakatlar o‘rtasida aniq investitsiya va savdo shartnomalarini imzolashga tayyorligi bildirildi.
Uchrashuvda Davlat kotibining eʼtibori Oʻzbekistonda agrar sektor, qurilish, energetika, togʻ-kon sanoati va qishloq xoʻjaligi mashinasozligiga sarmoya va ilgʻor Polsha texnologiyalarini jalb etish imkoniyatlariga qaratildi. Polsha investorlari va energetiklarining mamlakatimizda 250 ta mikro GES, shuningdek, shamol va quyosh stansiyalarini qurish dasturida ishtirok etish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida Polsha tomoni mamlakatlarimiz oʻrtasidagi sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirishga yuqori baho berdi, qayd etilgan tarmoqlar Polsha tomoni uchun istiqbolli, muhim va qiziqarli ekani taʼkidlandi. Mazkur yo‘nalishlarda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalarini yanada muhokama qilish uchun Polshaning yetakchi korxonalarini salohiyatli hamkorlar sifatida jalb etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.