04 avgust 2026

Turkiyaning Kastamonu viloyati tadbirkorlari O‘zbekistonda yangi loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirdi

O‘zbekiston Elchixonasi vakillari ULUSKON uyushmasi va Turkiyaning Kastamonu viloyati Savdo-sanoat palatasi (KATSO) tomonidan tashkil etilgan “G‘arbiy Qora dengizbo‘yi” xalqaro iqtisodiy sammitida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbir davomida O‘zbekistonning savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyati, mamlakatda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay sharoitlar, shuningdek, iqtisodiyotning istiqbolli tarmoqlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari taqdim etildi.

Kastamonu Savdo-sanoat palatasi rahbariyati bilan o‘tkazilgan muzokaralarda mebel, eshik va yog‘och mahsulotlari ishlab chiqarish sohasida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, yarim tayyor mahsulotlarni qo‘shma ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, ikki mamlakat korxonalari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Bundan tashqari, “Gülcan Mobilya”, “Dortek” va “Zintaş” turk kompaniyalari bilan aloqalar o‘rnatildi.

Tashrif doirasida Elchixona vakillari “Miskos” kompaniyasining ishlab chiqarish korxonasi faoliyati bilan tanishdilar. Turk tomoni O‘zbekiston bozoriga kirish, o‘z mahsulotlarini respublikaning yirik savdo tarmoqlari orqali ilgari surish va mahalliy hamkorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qiziqish bildirdi. Shuningdek, “F-Istanbul” xalqaro oziq-ovqat ko‘rgazmasi doirasida O‘zbekiston savdo kompaniyalari vakillari bilan B2B uchrashuvlarini tashkil etish istiqbollari muhokama qilindi.

Kastamonu viloyati gubernatori Hasan Baltaji bilan uchrashuv chog‘ida hududlararo hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Tomonlar sanoat kooperatsiyasi, avvalo mebel, eshik va yog‘och mahsulotlari ishlab chiqarish, shuningdek, ta’lim, tog‘, sog‘lomlashtirish va sport turizmi sohalarida hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini ko‘rib chiqdilar.

Muzokaralar yakunida ishbilarmon delegatsiyalarning o‘zaro tashriflarini tashkil etishga ko‘maklashish, tadbirkorlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kengaytirish, talabalar almashinuvini rivojlantirish hamda Kastamonu viloyati bilan O‘zbekistonning tegishli iqtisodiy salohiyatga ega hududlaridan biri o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri sheriklik o‘rnatish masalasini birgalikda ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.