22 Mart 2024

Xitoyning Guandun provinsiyasi korxonalari O‘zbekiston bilan hamkorlikka taklif etiladi

O‘zbekistonning Guanchjou shahridagi Bosh konsulligi mamlakatimizning Pekindagi elchixonasi bilan hamkorlikda Guangdong provinsiyasining Panyu shahrida “O‘zbekiston bilan iqtisodiy hamkorlik” mavzusida biznes seminar tashkil etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

“JC Finance Interconnect Holdings” kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda elektrotexnika, sanoat, qurilish, smart texnologiyalar va ta’lim sohalarida faoliyat yuritayotgan 40 dan ortiq korxona vakillari ishtirok etdi.

Seminarda mamlakatimizda yaratilgan sarmoyaviy muhit, sanoatni rivojlantirish, O‘zbekistonning eksport imkoniyatlari muhokama qilindi. Joriy yilning 2-3-may kunlari bo‘lib o‘tadigan III Toshkent xalqaro investitsiya forumi e’lon qilindi.

Qashqadaryo viloyati Savdo-sanoat palatasi tomonidan viloyatdagi ishbilarmonlik muhiti, sanoat imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi.

«JC Finance Interconnect Holdings» bosh ijrochi direktori Tini Vu “O‘zbekiston bilan biznes hamkorligi” mavzusida kengaytirilgan taqdimot qildi.

– Bugun O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, investorlarga berilayotgan imtiyozlar, Markaziy Osiyo, MDH, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bozorlariga chiqish uchun yaratilgan keng imkoniyatlar har ikki tomon uchun ham foydalidir. Biz investitsiyaviy hamkorlikni faollashtirishdan manfaatdormiz”, – dedi u.

Tadbir yakunida «JC Finance Interconnect Holdings» bosh direktori Tini U boshchiligidagi delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish, shuningdek, Qashqadaryo va Toshkent shahar hokimliklarida uchrashuvlar tashkil etish orqali o‘zaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.