21-25-may kunlari Eronning “Chemisan Chemical Co” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Husayn Arab boshchiligidagi Eron delegatsiyasi O‘zbekistonda bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.
Tashrif O‘zbekistonning Erondagi elchixonasi ko‘magida tashkil etildi.
2011-yilda tashkil etilgan Chemisan Chemical Co., Eronda poliuretan mahsulotlarini ishlab chiqarishda yetakchi hisoblanadi. Korxona yiliga 40 ming tonna poliuretan va boshqa turdagi polimerlar ishlab chiqaradi va Eron poyabzal sanoati uchun zarur bo‘lgan xomashyoning 60 foizini yetkazib beradi. Korxona Yaqin va O‘rta Sharq mamlakatlariga poliuretan mahsulotlari – poyabzal tagliklari, poliuretanli poyabzal yelimlarini keng eksport qiladi.
Safar davomida Eron delegatsiyasi aʼzolari Toshkent shahrida boʻlib oʻtayotgan “UzCharmExo-2024” 16-Xalqaro charm, poyabzal va moʻyna koʻrgazmasida boʻldi, shuningdek, “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi raisi Farhod Nurmuhamedov bilan uchrashdi. Muzokaralarda eronlik ishbilarmonlar O‘zbekistonda poliuretan va polimer xomashyosidan turli mahsulotlar ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdi. Bu boradagi hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari ham muhokama qilindi.
Eron kompaniyasi vakillari Toshkent shahridagi “Bene Best” poyabzal ishlab chiqarish korxonasi faoliyati bilan tanishdi, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati bilan uchrashdi.