27 Noyabr 2023

O‘zbekiston Prezidenti Saudiya Arabistoni delegatsiyasi bilan keng ko‘lamli sheriklikni rivojlantirish loyihalarini muhokama qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27-noyabr kuni Saudiya Arabistoni Podshohligi investitsiyalar vaziri Holid al-Falih boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi, deb xabar beradi davlatimiz rahbari matbuot xizmati.

O‘zbekiston bilan Saudiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik va keng ko‘lamli sheriklikni yanada kengaytirish, shu jumladan oliy darajadagi kelishuvlarni so‘zsiz amalga oshirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv avvalida investitsiyalar vaziri O‘zbekiston yetakchisiga Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saud hamda Valiahd, Bosh vazir Muhammad bin Salmon Ol Saudning salomi va eng ezgu tilaklarini yo‘lladi.

Davlatimiz rahbari keyingi yillarda o‘zaro manfaatli hamkorlik jadal rivojlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.

O‘zaro savdo ko‘rsatkichlari, O‘zbekiston iqtisodiyotiga, eng avvalo “yashil” energetika sohasiga Saudiyaning to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalari hajmi, aviaqatnovlar soni ortib bormoqda.

Saudiya taraqqiyot fondi ko‘magida sog‘liqni saqlash, ta’lim, suv ta’minoti va boshqa yo‘nalishlarda bir qator ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekistonning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha qo‘shma fond tashkil etilmoqda.

Saudiya delegatsiyasining bu galgi tashrifi doirasida kimyo, energetika, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, IT va infratuzilmani rivojlantirish sohalarida 12 milliard dollarlik o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlar imzolandi.

Yurtimizning turli hududlaridagi yirik energetika loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish muhimligi qayd etildi.

Shuningdek,  transport infratuzilmasi va kommunal xo‘jaligi, geologiya, irrigatsiya, maishiy chiqindilarni qayta ishlash, oliy ta’lim, mehnat migratsiyasi bo‘yicha umumiy qiymati 11 milliard dollarlik yangi loyiha va dasturlarni ilgari surishga kelishib olindi.

O‘zbekistonda “yashil” energetikani rivojlantirishda eng katta sarmoyador va strategik hamkor bo‘lgan “AСWA Rower” kompaniyasi bilan sermahsul hamkorlik alohida qayd etildi. Bugungi kunda kompaniya bilan birgalikda qiymati 7,5 milliard dollarlik loyihalar amalga oshirilmoqda.

Prezidentimiz Sirdaryo viloyatida 1,5 gigavatt quvvatli zamonaviy issiqlik elektr stansiyasining faoliyati hamda Toshkent viloyatida “yashil vodorod”ni “pilot” tarzda ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish ishlari boshlanayotganini olqishladi.

Shuningdek, vazir Holid al-Falixni O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirishga qo‘shgan katta hissasi va har tomonlama ko‘magi uchun “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.