05 Iyun 2024

O‘zbekiston Prezidenti mamlakatimiz tez fursatda JSTga a’zo bo‘lishi muhimligini ta’kidladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5-iyun kuni Jahon savdo tashkiloti (JST) bosh direktori doktor Ngozi Okonjo-Ivealani qabul qildi, deb xabar beradi davlatimiz rahbari matbuot xizmati.

Uchrashuvda mamlakatimizning JSTga qo‘shilishi borasida ko‘rilayotgan amaliy chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Qisqa muddat ichida Ishchi guruhning ikkita yig‘ilishi o‘tkazilgani, a’zo mamlakatlar bilan faol muzokaralar olib borilayotgani, qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash shartlari muhokama qilina boshlangani va milliy qonunchilikni tashkilotning me’yor va qoidalariga muvofiqlashtirish ishlari davom etayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Shuningdek, “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish, elektron savdo va raqamli xizmatlar eksportini oshirish sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish muhimligi ta’kidlandi.

Xalqaro savdoni tartibga solish masalalari bo‘yicha o‘zbekistonlik ekspertlarning salohiyatini oshirishga alohida e’tibor qaratildi. Shu ma’noda, JSTning ko‘magi bilan O‘zbekistonda Savdo siyosati bo‘yicha kompetensiya markazini tashkil etish taklif etildi.

Davlatimiz rahbari JST bosh direktoriga davra suhbatida ishtirok etgani va O‘zbekistonning yetakchi universitetlari talabalari bilan uchrashgani uchun minnatdorlik bildirib, unga Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining faxriy doktori unvoni berilgani bilan tabrikladi.

Uchrashuv yakunida Ngozi Okonjo-Iveala O‘zbekistonning tashkilotga a’zo bo‘lish yo‘lidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.